Har qanday davlat tarixini tushunish uchun faqat siyosiy voqealar yoki hukmdorlar almashuviga qarash yetarli emas. Davlatning asl tarixi – bu unda yashagan va yashayotgan xalqning tarixidir. Xalq esa, eng avvalo, soni, tarkibi, yoshi, jinsi, ijtimoiy holati, bandligi va yashash sharoiti orqali namoyon bo‘ladi. Ana shu jihatlarni eng to‘liq va ishonchli aks ettiruvchi manba — aholini ro‘yxatga olish hisoblanadi.
Aholini ro‘yxatga olishni shunchaki statistika tadbiri deb qabul qilish xato bo‘lardi. Aslida, u jamiyatning muayyan vaqtdagi “ijtimoiy portreti”, boshqacha aytganda, davlat aholisining aniq bir lahzadagi fotosuratidir. Shu fotosurat orqali o‘tmishni tahlil qilish, bugungi holatni baholash va eng muhimi — kelajakni rejalashtirish mumkin bo‘ladi.
Aholini ro‘yxatga olish qayerdan boshlangan?
Tarixga nazar tashlasak, aholini ro‘yxatga olish g‘oyasi mutlaqo yangi emas. Qadimgi Gretsiya, Rim, Misr, Xitoy, Vavilon va Mesopotamiya kabi sivilizatsiyalarda aholi hisobi yuritilgan. Ammo bu ro‘yxatlar bugungidek ijtimoiy tahlil uchun emas, asosan soliq yig‘ish va harbiy salohiyatni aniqlash maqsadida o‘tkazilgan.
Shu sababli, qadimgi ro‘yxatlarda asosan erkaklar qayd etilgan. Chunki o‘sha davrlarda iqtisodiy va huquqiy mas’uliyat erkaklar zimmasida bo‘lgan, soliq ham, harbiy xizmat ham ular bilan bog‘liq edi.
Zamonaviy aholi ro‘yxatlarining shakllanishi
Aholini birinchi rasmiy va davlat miqyosidagi ro‘yxatga olish 1790 yilda AQShda o‘tkazilgan. Keyinchalik Shvetsiya, Finlyandiya, Angliya, Fransiya, Daniya va Norvegiya bu tajribani davom ettirdi. Dastlabki ro‘yxatlar juda sodda bo‘lib, ularni o‘tkazish hatto bir necha oy, ayrim hollarda 18 oygacha cho‘zilgan.
XIX asrga kelib esa, aholini ro‘yxatga olish mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Statistik idoralar tashkil etildi, ilmiy metodlar joriy qilindi va ro‘yxatlar muntazam tus ola boshladi. Natijada, XIX asr oxiriga kelib dunyo aholisining 21 foizi, XX asr boshida esa 54 foizi ro‘yxatga olingan.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng bu jarayon yanada tizimlashtirildi va bugungi kunda deyarli barcha davlatlarda aholini ro‘yxatga olish xalqaro me’yorlar asosida o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston hududida aholini ro‘yxatga olish tajribasi
Manbalarga ko‘ra, hozirgi O‘zbekiston hududida ilk aholi ro‘yxati 1897 yilda o‘tkazilgan. Bu ro‘yxat XIX asr oxiridagi aholi soni, oilalar tarkibi, yosh-jins nisbati va etnik tuzilmani o‘rganishda muhim tarixiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Keyingi davrlarda, ya’ni 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda ham aholi ro‘yxatlari o‘tkazilgan. Bu ma’lumotlar bugungi demografik jarayonlarni tushunish va tahlil qilish uchun juda katta ahamiyatga ega.
Aholini ro‘yxatga olishning asosiy tamoyillari
Xalqaro tajribaga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish quyidagi muhim prinsiplarga asoslanadi:
-
qat’iy markazlashtirilgan boshqaruv;
-
har 10 yilda kamida bir marta o‘tkazilish;
-
maxsus tayyorlangan hisobchilar ishtiroki;
-
aniq belgilangan vaqt (ya’ni “nozik lahza”);
-
yagona va oldindan tasdiqlangan dastur;
-
aholining to‘liq qamrab olinishi;
-
ma’lumotlarning maxfiyligi;
-
javoblarning hujjat bilan emas, shaxsning o‘z bayonoti asosida qayd etilishi.
Bu tamoyillar aholini ro‘yxatga olishni ishonchli va xolis ma’lumot manbaiga aylantiradi.
Rivojlangan davlatlar tajribasi: qonun va an’ana
Buyuk Britaniya, AQSh va Polsha kabi davlatlarda aholini ro‘yxatga olish qonun bilan mustahkamlangan. Masalan, AQSh Konstitutsiyasida aholi soni Vakillar palatasidagi o‘rinlar va soliqlarni taqsimlash asosi sifatida belgilangan.
Bu davlatlarda aholini ro‘yxatga olish oddiy statistik tadbir emas, balki demokratiyaning ajralmas qismi sifatida qaraladi. Fuqarolarning faol ishtiroki esa davlat boshqaruvining adolatli bo‘lishini ta’minlaydi.
Aholini ro‘yxatga olish — bu raqamlar yig‘indisi emas. Bu jamiyatni anglash, muammolarni aniqlash va kelajakni oqilona rejalashtirish vositasidir. Davlat qanchalik aniq ma’lumotga ega bo‘lsa, uning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy qarorlari shunchalik asosli bo‘ladi.
Shu ma’noda, aholini ro‘yxatga olish — har bir fuqaroning bevosita ta’siri bor umumdavlat ahamiyatiga ega jarayondir.
Azamov Abdussalomjon tahlili
