Telegram ijtimoiy tarmog’idagi maxsus sahifada ajoyib bir sher o’qib qolgan edim, sizlarga ham ilindim…
* * *
O‘zingsan azaliy, abadiy borim,
Taqdiring oldida faqat jim bo‘ldim.
Marhamating cheksiz, Parvardigorim –
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
Qancha qilganlarim bo‘lgach besamar –
Hatto yaqinlarim hazar qildilar,
Sen nazar qilganding, nazar qildilar
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
Mehnatim ro‘yobga oshib turibdi,
Do‘stlar, qirg‘og‘idan toshib turibdi,
Nigohlar men tomon shoshib turibdi,
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
Tunlar o‘tmishimga bo‘ylab qolaman
Goh farzandlarimga so‘ylab qolaman
Yo shirin tushmi deb o‘ylab qolaman
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
Qudrating oldida taslimman, qulman,
Himmating oldida bir hovuch kulman
Sen qo‘llab turmasang bir chaqa pulman
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
Adashtirib qo‘yma to‘g‘ri yo‘limdan
Noming ushlab yursin ikki qo‘limdan
Shukur, omad berding o‘ngu-so‘limdan
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
Sen berding ilkimda tutgan borimni
Endi dog‘lab qo‘ymay sha’nim, orimni
Unutib qo‘ymayin poydevorimni
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
Boshim osmondadir, mehrim shu yerga
Nomardlik xos emas ismi-ki erga,
Nafim tegib qoldi ming shukur elga
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
Menga xurmat berding, ob qo‘ymasang bas
Hadikda yuraman har zum, har nafas
Bugun ko‘plar menga qilmoqda havas
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
Boshimni egaman sening poyingda
Bir umr turayin aytgan joyingda
Mastman bugun shunday baxt saroyingda
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
Tangrim man-manlikni mendan uzoq qil
Iymonni nafsimga har dam tuzoq qil
Shu so‘zni bir umr menga so‘roq qil –
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
📜 Muallif: Botir Ergashev
🔴 Telegram ijtimoiy tarmog’idagi maxsus sahifa: @Sheriyat_01