|

“Yangi Konstitutsiya – taraqqiyot qomusi”


So‘nggi yillarda mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida mamlakat taraqqiyoti uchun turli xil islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Bunda huquq sohasidagi islohotlar alohida ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakatimizda qonunchilikni zamon talablariga, jamiyat manfaatlaridan kelib chiqqan holda, xalq irodasiga monand takomillashtirish ishlari muntazam davom ettirib kelinmoqda.

Hozirgi kunda “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” doirasida qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash borasida bir qancha huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lidagi huquqiy islohotlarning zaminiga aylandi. Referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilinganligi unda xalqimizning yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida mamlakat taraqqiyotiga bo‘lgan ishonchi, bebaho umidini ko‘rsatdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi xalqimizning birdamligi va hamjihatligi, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurishga qat’iy qaror qilganligini ifodaladi. Xususan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1-moddasi bilan O‘zbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi belgilandi. Bu orqali davlat qurilishining yangi strategik maqsadi – ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilandi.

Bundan tashqari, yangi Konstitutsiya bilan O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinishi, mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishi belgilab qo‘yildi. Bu esa o‘z navbatida, huquqni qo‘llash amaliyotida subyektlar uchun asosiy mezonni qat’iy belgilab berdi.

Tashqi siyosat borasida yangi Konstitutsiya orqali O‘zbekiston Respublikasining xalqaro munosabatlardagi ishtirokini xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplariga uyg‘unlashgan prinsiplar –  davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslangan holda olib borishi belgilandi.

Shuningdek, yangi Konstitutsiya orqali inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi. Avvalo, insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi ekanligi belgilandi.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 20-moddasi bilan inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilab qo‘yildi. Bu orqali jamiyatimizda insonning huquqiy manfaatlari ustuvorligi, ularni himoya qilishning o‘ziga xos mexanizmi joriy etildi. Bundan tashqari, ushbu modda bilan insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilashi e’tirof etildi.

Yangi Konstitutsiya orqali inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida yana bir huquqiy kafolat – har kimga yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi belgilanib, qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar doirasida yangi Konstitutsiya orqali mehnat munosabatlaridagi shaxsning ayrim huquqlari konstitutsiyaviy huquq sifatida e’tirof etildi. Xususan, munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish kabi huquqlar konstitutsiyaviy huquq darajasiga ko‘tarildi. Shuningdek, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish Konstitutsiya darajasida taqiqlandi.

Sog‘liqni saqlash sohasida davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash choralarini ko‘rishi hamda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi Konstitutsiyaviy vazifalari sifatida belgilandi.

E’tirof etish joizki, yangi Konstitutsiya bilan davlatning ekologik sohadagi vazifalari belgilab berildi. Avvalgi tahrirdagi Konstitutsiyada faqatgina fuqarolarning atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishlari lozimligi haqidagi fuqaroviy burch bilan cheklanib qolgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiya orqali davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi va fuqarolarning  atrof-muhitning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqi ta’minlash kabi vazifalarni amalga oshirishi lozim bo‘ladi.

Yangi Konstitutsiya bilan davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlashi belgilandi. Bu orqali jamiyatning iqtisodiy negizini rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish borasidagi islohotlar uchun mezonlardan biri bo‘ldi.

Davlat hokimiyatining tashkil etilishi borasida ham bir qancha huquqiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Yangi Konstitutsiya bilan hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi hamda o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimi rivojlantirilib, Oliy Majlis, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati o‘rtasida vakolatlar qayta taqsimlandi.

Mahalliy davlat hokimiyati darajasida hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modeli belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining vakolatlari, ularning birgalikdagi vakolatlari takomillashitirilib, qayta taqsimlandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash vakolati Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga o‘tkazildi. Ilgari ushbu vakolat Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatiga kirgan edi. Shuningdek, ilgari palatalarning birgalikdagi vakolatiga kirgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklarni va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash Oliy Majlis Senatining mutlaq vakolati etib belgilandi. Shuningdek, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbarini va respublika monopoliyaga qarshi organining rahbarini saylash vakolati Oliy Majlis Senati vakolati etib belgilandi. Bungacha, ushbu organlar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi qonunosti hujjatlarida belgilangan edi.

Bundan tashqari, Oliy Majlis yuqori palatasi Senatning tarkibini shakllantirish tartibiga ham o‘zgartishlar kiritilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — to‘rt kishidan saylanishi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqiz nafar a’zosi esa fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanishi belgilandi.

Shuningdek, yangi Konstitutsiya orqali qonunchilik tashabbusi ham takomillashtirilib, Konstitutsiyaning 98-moddasi bilan O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekanligi belgilandi.

Mahalliy viloyatlar, tumanlar va shaharlarda xalq deputatlari Kengashlariga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi belgilandi. Ilgari Kengashlarga tegishli hudud hokimi raislik qilishi Konstitutsiya bilan belgilangan edi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadigi ushbu o‘zgarish orqali mahalliy davlat hokimiyatida ijro va vakillik organi o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish muvozanati ta’minlanishi maqsadi ko‘zlandi. Shuningdek, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shaharning hokimi etib tayinlanishi mumkin emasligi haqidagi konstitutsiyaviy norma belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, prokuratura tizimida ham ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori lavozimini egallashi mumkin emasligi haqidagi demokratik norma kiritildi.

.Saylov tizimi sohasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlashga haqli ekangligi belgilandi.

Shuningdek, yangi Konstitutsiya bilan advokatlik faoliyati huquqlari konstitutsiyaviy huquq darajasida e’tirof etildi. Jumladan, advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi, advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan moneliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanishi hamda advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi va qonun bilan muhofaza qilinishi Konstitutsiya darajasida belgilandi.

E’tiborlisi shundaki, moliya, pul va bank tizimi sohasidagi o‘zgarishlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi belgilandi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning VI bo‘limi bilan Konstitutsiyaning o‘zgartirish tartiblari belgilandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan konstitutsiyaviy qonun yoki O‘zbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi. Shuningdek, mazkur bo‘limda Konstitutsiya 1-moddasining va ushbu modda ikkinchi qismining qoidalari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emasligi haqidagi qoida belgilandi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konsitutsiyasi qabul qilinishi bilan uni amaliyotga joriy etish va boradagi dozlarb masalalarni hal qilish asosiy zaruriyatga aylandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
08.05.2023 yildagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi
PF-67-son Farmoni bilan Konstitutsiya normalarini amaliyotga joriy qilish, qonunchilikni xatlovdan o‘tkazgan holda qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq bir qancha muhim vazifa va topshiriqlar belgilab berildi. Masalan, Konstitutsiyaning 50-moddasida belgilangan ta’lim olish huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida 2023-yil 1-avgustdan boshlab soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qat’i nazar farzandlarining O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritish vazifasi belgilab berildi.

Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi munosabati bilan qonunosti hujjatlarini yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirish talab etilayotganligi munosabati bilan qabul qilinmoqda. Shu munosabat bilan, 07.11.2023 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi PF-188-son Farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, Prezidentning bir qancha hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalari kiritilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.

Xususan, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normadan (Konstitutsiya 20-moddasi) kelib chiqib, vazirliklar, Bosh prokuratura va Oliy sudga 2024 yil 1-yanvarga qadar o‘zlariga biriktirilgan soha va tarmoqlar kesimida qonunosti hujjatlaridagi huquqiy ta’sir choralarini qayta ko‘rib chiqish orqali puxta xatlovdan o‘tkazgan holda ularni yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mazmunan muvofiqlashtirish bo‘yicha Adliya vazirligiga takliflar kiritish vazifasi belgilandi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. O‘zbekistonda birdamlik g‘oyalari asosida huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish kabi ulkan maqsadlarni belgilab berdi.Yangi tahrirdagi Konsitutsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalda bo‘lishi, fuqarolarga bevosita Konstitutsiya asosida ish olib borishga hech qanday to‘siqsiz zaminni yaratdi.

Shuningdek, inson huquq va erkinliklarini cheklash faqatgina axloq va jamoat tartibini saqlash maqsadida cheklanishi mumkinligi, Konstitutsiyaviy sud tizimida sudyalar 10 yil muddatga saylanishi, OAV, advokatlik faoliyatiga oid konstitutsiyaviy normalar yangi Konstitutsiyaning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘ldi.

Ushbu Konstitutsiya asosida belgilangan yangi mexanizmlar, huquqiy yo‘nalishlar, o‘zgarishlar asosida islohotlarni davom ettirish, mamlakatimizda huquqiy davlatni rivojlantirish jamiyatimiz, xalqimiz turmushining taraqqiyotini ta’minlaydi va mustahkamlaydi.

 

PM-23-B04 guruhi tinglovchisi     –      Azamov Abdussalomjon Baxtiyorjon ogli 

(“Olmaliq kon metallurgiya kombinati” aktsiyadorlik jamiyati Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi Jihozlarni ta’mirlash ishlari bo’yicha ustasi)

Muallif

QIYALI.UZ

Muvaffaqqiyatdan rohatlaning!