Ba’zan yosh insonning ichidagi og‘riqni tashqaridan ko‘rib bo‘lmaydi. U kulishi, o‘qishi, ishlashi, do‘stlari bilan gaplashishi mumkin. Ammo ichida yordamga muhtoj bo‘lishi ehtimol.
O‘z joniga qasd qilishning bitta sababi bo‘lmaydi. Ko‘pincha bir nechta omil birlashadi:
• Depressiya, kuchli xavotir va boshqa ruhiy salomatlik muammolari.
• Oilaviy nizolar, ajralish, yolg‘izlik yoki yaqin insonni yo‘qotish.
• Maktab, universitet yoki ishdagi bosim.
• Zo‘ravonlik, kiberbulling, kamsitish va ijtimoiy izolyatsiya.
• Moliyaviy qiyinchiliklar, kelajakdan qo‘rquv.
• Ruhiy yordamga murojaat qilishdan uyalish yoki qo‘rqish.
DUNYO BO‘YICHA STATISTIKA
UNICEF va WHO ma’lumotlariga ko‘ra, xar yili 10–19 yoshdagi o‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilish oqibatida taxminan 46 000 tadan ortiq o‘lim qayd etilgan. Bu o‘smirlar orasidagi o‘limning muhim sabablaridan biridir. 15–19 yosh guruhida esa u o‘limning to‘rtinchi yetakchi sababi bo‘lgan.*
Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda o‘z joniga qasd qilish 15–19 yoshdagi o‘smirlar o‘limining yetakchi sabablaridan biri sifatida qayd etilgan. Bu raqamlar muammoning jiddiyligini ko‘rsatadi, ammo har bir insonning hayoti statistikadan ancha qimmatlidir.
OLDINI OLISH MUMKIN
Dunyo bo‘ylab yoshlar ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar rivojlanmoqda:
- Maktab va universitetlarda psixologik yordam — muammolarni erta aniqlash va maslahat berish.
- “Do‘stona suhbat” dasturlari — tengdoshlar orqali qo‘llab-quvvatlash va yordamga yo‘naltirish.
- Ishonch telefonlari va krizis xizmatlari — og‘ir vaziyatda tezkor yordam olish.
- Raqamli ruhiy salomatlik platformalari — onlayn maslahat, ma’rifiy kontent va yordamga yo‘naltirish.
- Ota-onalar va o‘qituvchilar uchun treninglar — xavf belgilarini tanish va to‘g‘ri muloqot qilish.
- Kiberbullingga qarshi kampaniyalar — xavfsiz va hurmatli raqamli muhit yaratish.
UNICEF va WHO yoshlar ruhiy salomatligini mustahkamlash, stigma va kamsitishni kamaytirish hamda yordam xizmatlarini kengaytirishni muhim yo‘nalishlar sifatida belgilaydi.
AGAR SIZGA QIYIN BO‘LSA
- Ishonadigan insoningizga ayting: “Men hozir qiynalyapman. Menga yordam kerak.”
- Yolg‘iz qolmang. Yaqin inson, psixolog yoki boshqa malakali mutaxassis bilan bog‘laning.
- Agar o‘zingizga zarar yetkazish xavfi bo‘lsa, darhol mahalliy shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga murojaat qiling yoki eng yaqin shifoxonaga boring.
- Agar do‘stingiz yoki yaqiningiz xavotirli gaplar aytsa, uni hukm qilmang. Tinglang, jiddiy qabul qiling va professional yordamga yo‘naltiring.
“Bu shunchaki e’tibor istash” deb o‘ylamang. Ba’zan birgina jiddiy suhbat insonni yordamga yetaklaydi.
Hayot — imkoniyat. Yordam so‘rash esa zaiflik emas, o‘z hayotingizni qadrlashdir.
* Aniq raqamlar keltirilmagan holda, ohirgi 10 yillikdagi o’rtacha miqdor olingan.
#Qiyali_uz #RuhiySalomatlik #Yoshlar #HayotQadri #SenYolgizEmassan #SuicidePrevention #MentalHealthAwareness
Muallif: Abdussalomjon Azamov
